📚 YAKKASAROY TUMANI HOKIMI AXBOROT-KUTUBXONA MARKAZI FAOLIYATI BILAN TANISHDI

Bugun Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova Yakkasaroy tumani Axborot-kutubxona markaziga tashrif buyurib, markaz faoliyati, kitob fondi, kitobxonlar uchun yaratilgan sharoitlar hamda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif davomida markazning bugungi kunda 60 ming 332 nusxadan ortiq axborot-kutubxona resurslariga ega ekani, shundan 38 ming 64 tasi elektron, 22 ming 3 tasi bosma adabiyotlar ekani haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, kitobxonlikni rivojlantirish, elektron kutubxona xizmatlarini kengaytirish, yoshlar o‘rtasida mutolaa madaniyatini yuksaltirish hamda aholiga zamonaviy axborot-kutubxona xizmatlarini ko‘rsatish borasida olib borilayotgan ishlar taqdim etildi.
Tuman hokimiga markazning bugungi kunda vaqtincha binoda faoliyat yuritayotgani, mavjud kitob fondi va kitobxonlar sonining yildan-yilga ortib borayotgani sababli zamonaviy, keng va barcha talablarga javob beradigan yangi Axborot-kutubxona markazi binosiga ehtiyoj mavjudligi haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, yangi bino barpo etilishi yoki ajratilishi natijasida:
kitob fondini to‘liq va zamonaviy talablarga muvofiq joylashtirish;
elektron kutubxona xizmatlarini yanada kengaytirish;
bolalar, yoshlar va kattalar uchun alohida o‘quv zallari tashkil etish;
ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazish;
aholiga ko‘rsatilayotgan axborot-kutubxona xizmatlari sifatini yangi bosqichga olib chiqish imkoniyati yaratilishi ta’kidlandi.
Tashrif davomida tuman hokimi markaz jamoasining fidokorona mehnatini alohida e’tirof etib, xodimlarning so‘nggi uch yil davomida respublika miqyosidagi «Eng faol kitobxonlik markazi» yo‘nalishidagi tanlovlarda ketma-ket yuqori natijalarga erishib kelayotganini yuqori baholadi.
Uchrashuv yakunida Axborot-kutubxona markazini zamonaviy infratuzilmaga ega yangi bino bilan ta’minlash masalasi yuzasidan tegishli taklif va mulohazalar ko‘rib chiqilib, kelgusida bu boradagi ishlarni izchil davom ettirish yuzasidan fikr almashildi.
📖 Zamonaviy kutubxona — bilimli jamiyat va ma’rifatli kelajak poydevoridir. Yakkasaroy tumani Axborot-kutubxona markazi kitobxonlarga yanada qulay sharoit yaratish, mutolaa madaniyatini rivojlantirish va zamonaviy axborot xizmatlarini kengaytirish yo‘lida faoliyatini davom ettiradi.

Telegram|Facebook|InstagramYouTube|Twitter

Прокрутить вверх