Qishloqda ko‘z ochgan, ey bo‘z bolalik,
Tuproq ko‘chalarda ko‘zi jolalik,
Bir olam armonli, zo‘r zuvolalik
Yoshligim, qaydasan, seni sog‘indim!
Uzun qish tunlari ertak eshitgan,
Sandalda tonggacha qaynab bayt bitgan,
Ertalab quvonib maktabga ketgan
Yoshligim, qaydasan, seni sog‘indim!
Mana, umrim o‘tar, har soat, har on,
Ertangi kunimni ko‘rurman shodon,
Lek, seni qumsayman, faqat shu armon,
Yoshligim, qaydasan, seni sog‘indim!
✍️ To‘lan NIZOM.
1965 yil.
Ijtimoiy tarmoqlarda biz bilan birga boʻling:
Web-sayt|Telegram|Facebook|Instagram| YouTube|Twitter
