✍️ Iqbol Mirzo
Milyon yilda meni yaratdi hayot,
Meni so‘rab, tog‘lar qator cho‘kdi tiz.
Nahot anglamaysan, bilmaysan nahot,
Axir men bittaman, yagona, yolg‘iz.
Bug‘lanib, qaytadan to‘kiladi suv,
Quyoshdan ishorat – ko‘z yorar ildiz.
Men, axir ularga o‘xshamayman-ku,
Axir men bittaman, yagona, yolg‘iz.
Har elat o‘zicha atar shamolni,
Mingta ism bilan yashaydi yulduz.
Sen qaydan topasan boshqa Iqbolni,
Axir men bittaman, yagona, yolg‘iz.
Nafasim – g‘animat, so‘zim – g‘animat,
Fojia – poyimdan uzilgan har iz.
Mening nigohlarim eng ezgu ne’mat,
Axir men bittaman, yagona, yolg‘iz.
Yaratganga borib aytaman seni!
O‘zi hukm etsin odil va xolis.
Men qaytib kelmayman, tushunyapsanmi?
Axir men bittaman, yagona, yolg‘iz…
🌿 Har bir inson — yagona va takrorlanmas.
📖 She’r qalbga yaqin bo‘lsa, boshqalar bilan ulashing.
Ijtimoiy tarmoqlarda biz bilan birga boʻling:
Web-sayt|Telegram|Facebook|Instagram| YouTube|Twitter
